• 2-Chimboy kuchasi, 96-uy Toshkent sh, Olmazor tumani
  • Telefon (71) 207 54 55
  • Dush - Jum 09:00 - 18:00

Markaz

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI HUZURIDAGI O‘QUV USTAXONALARI, TEXNIK REGLAMENTLAR VA METROLOGIK NAZORAT XIZMATI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
          Respublika oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida boshqaruvning zamonaviy shakl va tamoyillarini keng qo‘llash, professional ta’lim muassasalarida mavjud ustaxona, o‘quv-laboratoriya bazasidan foydalanish samaradorligini oshirish va ta’lim jarayonining texnik-metrologik ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 11-iyuldagi PQ-4391-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi O‘quv ustaxonalari, texnik reglamentlar va metrologik nazorat xizmati (keyingi o‘rinlarda — Nazorat xizmati) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Nazorat xizmatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
idoraviy mansubligidan qat’i nazar, barcha professional ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonida jihoz, asbob-uskuna, texnika hamda sarflanadigan xomashyo va materiallardan, o‘quv-tajriba xo‘jaliklaridan samarali foydalanishlarini nazorat qilish;
o‘quv jarayonida qo‘llaniladigan nazorat-o‘lchash vositalaridan samarali foydalanilishi hamda metrologik qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish, o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash;
professional ta’lim muassasalarining asosiy faoliyatiga qo‘shimcha ravishda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan pullik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha (ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish) faoliyatini muvofiqlashtirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘quv ustaxonalari, texnik reglamentlar va metrologik nazorat xizmatining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Nazorat xizmatiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda quyidagilar bo‘yicha professional ta’lim muassasalariga shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berilsin:
jihozlar, asbob-uskuna va texnikalar hamda xomashyo va materiallardan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishda samarali foydalanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma hamda tavsiyalar ishlab chiqish va joriy etish;
professional ta’lim muassasalari hisobidagi xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan jihoz, asbob-uskuna va texnikalarning texnik holatini o‘rganish va ulardan o‘quv jarayonida foydalanish to‘g‘risida tegishli xulosalar berish.
5. Nazorat xizmati faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, shu jumladan, davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya mablag‘lari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
          2021-yil 1-martdan boshlab mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Nazorat xizmati boshlig‘i — oliy ta’lim muassasasi filiali direktoriga, boshliq o‘rinbosari — oliy ta’lim muassasasi filiali direktorining o‘rinbosariga, bo‘lim boshliqlari — oliy ta’lim muassasasi fakultet dekani o‘rinbosariga, bosh hisobchi va bosh mutaxassis — oliy ta’lim muassasasi katta o‘qituvchisiga, yetakchi mutaxassis — oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchisiga tenglashtiriladi;
mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida           O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2022-yildan boshlab — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
          Nazorat xizmatiga 1 ta yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratiladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ikki oy muddatda Nazorat xizmati:
ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
xodimlar tarkibini amaliy tajribaga ega, yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin;
faoliyatini samarali yuritishi uchun uni Toshkent shahar, Olmazor tumani, Shifonur ko‘chasi, Talabalar shaharchasi, 75-uy manzilidagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi Idoraviy metrologik nazorat xizmatini tashkil etish to‘g‘risida” 2006-yil 14-dekabrdagi 259-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2006-y., 48 — 50-son, 489-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.H. Toshkulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-fevral,
105-son                                                                                                                                             Hujjatni ko’rish